Breaking News

Xitoyning onlayn do'konlari AQSh bozorida faollashmoqda


AQSh bozorini egallayotgan onlayn Xitoy do'konlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:14 0:00

Xitoyning “Temu” va “Shein” kabi onlayn do’konlari arzon tovarlari bilan raqiblarini dog’da qoldirmoqda. Ayni paytda ularga nisbatan mijozlar va AQSh qonunchilari tomonidan xavotirlar bildirilmoqda.

Jenel Arias pardoz anjomlarini arzon bahoga oladigan joyni topdi.

“Temu” saytini ishlatib ko’rdim va hanuz ishlatyapman”, - deydi u.

Xitoyning “Temu” kompaniyasi AQShda tez o’sib borayotgan onlayn savdo bozorlardan biri.

"Tonal krem uchun cho'tka “Sephora” yoki boshqa pardoz do’konida 50 dollar bo’lishi mumkin. Men yaqinda uni 5 dollarga sotib oldim. U o’zimdagidan ham yaxshiroq ishlaydi”, - deydi Arias.

“Temu” odamlarni jalb qilishning o’ziga xos usullarini qo’llaydi.

"U o'yinga o'xshash ilova orqali sizni o'ziga qaram qiladi. Agar keyingi bir necha daqiqa ichida biror narsa sotib olsangiz, qo'shimcha bonuslarga ega bo'lasiz", - deydi Arias.

Xitoyda asos solingan yana bir arzon onlayn savdo makoni “Shein” bo'lib, hozirda uning shtab-kvartirasi Singapurda joylashgan.

Narxlardagi afzallik kompaniyalarning noyob biznes modelidir, deydi Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti professori Kristofer Teng.

“Ular ko’p reklama ham qilmaydi. Asosan, ta’sir o’tkazuvchilardan foydalanishadi. Biz ijtimoiy tijorat deb ataydigan usullar orqali “Instagram”, “Tiktok” va “Facebook”ni ishlatishadi”, - deydi ekspert.

Tengning aytishicha, “Shein”, masalan, tezkor modani taklif qilib, Xitoydagi fabrikalar bilan yaqindan ishlaydi.

U kichik partiyalarni ishlab chiqarib, zaxirada xom ashyo saqlaydi. Mijozlarning harakatini sun'iy intellekt orqali kuzatib, u talabga yarasha qo’shimcha ishlab chiqarish quvvatiga ega.

“Ular qaysi mahsulotlarni ko'ryapti? Qaysi mahsulotni sotib olyapti? Ular, shuningdek, tendensiyalarni kuzatishadi. Agar mavsumiy tendensiya kuchayib borayotgan bo'lsa, ular darhol zavoddan ushbu mahsulotlarni ommaviy ishlab chiqarishni so'rashadi”, - deydi professor.

Narxlar pastligining yana bir sababi shuki, kompaniyalar AQShga 800 dollardan kam bo'lgan mahsulotlarni import bojini to’lamasdan olib kirishi mumkin.

Ba'zi qonunchilar bu saytlarda sotilayotgan mahsulotlar uyg'urlar majburiy mehnati mahsuli bo'lishi mumkinligidan xavotirda.

“Shein” matbuot kotibining aytishicha, kompaniya majburiy mehnatga nisbatan murosasiz siyosat yuritadi va ta'minot zanjiri bo'ylab ishchilarning huquqlari hurmat qilinishini ta’minlaydi.

“Temu” sayti “Amerika Ovozi” soʻroviga javob bermadi.

Kollej talabasi Zahaan Riyaz bunday elektron tijorat kompaniyalaridan xarid qilmasligi sababini aytadi.

"Tezkor moda xorijiy mamlakatlarda ishchilar huquqlariga oid ko'p muammolarni keltirib chiqaradi; shuningdek, chiqindilarni ko’paytiradi", - deydi u.

Ariasga ko’ra, arzon narxning boshqa badali ham bor.

“Buyurtmalarimdan biri yo’qoldi. Siz bu riskka tayyorsiz, chunki siz to'layotgan narx juda arzon", - deydi u.

“Better Business Bureau” saytidagi shikoyatlarga ko’ra, mijozlar, asosan, mahsulot sifati va yetkazib berish bilan bog'liq muammolardan norozi. Ammo “Temu” va “Shein” kabi kompaniyalar muvaffaqiyat qozonishda davom etadi, deydi Teng.

"Amerikalik iste'molchilar chegirmalarni yoqtiradi. Ular bilan raqobat qilish qiyin", - deydi u.

Ariasga ko’ra, u nima xarid qilishiga diqqat qaratib, tezkor moda ketidan quvmaydi. Ammo vaqt o'tishi bilan foydalanishi mumkin bo'lgan mahsulotlarni shu saytda xarid qilishni davom ettirishini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG