Breaking News
Din

Amerikada dindorlar soni kamayib bormoqda


Ibodat qilayotgan injilchi nasroniylar
Ibodat qilayotgan injilchi nasroniylar

So'rovlar va boshqa dalillarning ko’rsatishicha, Amerikada ko'plab rivojlangan mamlakatlarga qaraganda sekinroq boshlangan sekulyarizatsiya tendentsiyasi so’nggi yillarda ancha tezlashgan.

1965-yilda o’tkazilgan “Gallup” so'roviga ko’ra, amerikaliklarning 70 foizi din ularning hayotida "juda muhim" ekanligini ta’kidlagan bo’lsa, bugungi kunda ularning faqat yarmidan kamrog'i (45%) dinni "juda muhim" deb hisoblaydi.

2023-yil holatiga ko’ra, amerikaliklarning toʻrtdan bir qismi (26%) hech bir dinga e’tiqod qilmasligini aytgan; 2013-yilda 21 foizni tashkil qilgan, deyiladi Jamoatchilik dinini oʻrganish instituti o’tkazgan tadqiqotda.

Indianadagi Notr-Dam universiteti professori, siyosatshunos Devid Kempbell so'zlariga ko'ra, cherkovga tashrif buyurishning kamayishi Amerika fuqarolik hayoti va faolligida katta o'zgarishlar yuz berganidan dalolat beradi.

Uning aytishicha, diniy e'tiqoddan voz kechishning yana bir sababi biror dinga e’tiqod qilmagan odamlarning "diniy huquqqa allergik munosabatda" bo'lishidir.

"Men buni odamlarning dindan yuz o'girishiga yagona sabab, deb aytmoqchi emasman, lekin bu, albatta, asosiy sabab", - deydi Kempbell.

“Koʻpchilik amerikaliklar fikricha, din bu Respublikachilar partiyasiga teng, yoki ehtimol Donald Trampni qoʻllab-quvvatlash bilan barobar. Agar din shunday bo'lsa, ko'pchilik bunday dinni xohlamasligini aytadi”, - deya qo’shimcha qiladi u.

"Erkin odamlar, erkin bozorlar va cheklangan hukumat"ni asosiy qadriyatlar sifatida ko'rsatadigan Amerika Ishbilarmonlik instituti xodimi Sem Abramsning ta'kidlashicha, Tramp davridan beri diniy e'tiqoddagi eng katta pasayish ayollar orasida kuzatilgan.

"Siz haqiqatan ham juda dindor oiladan bo'lishingiz mumkin, ammo hozir abort va ayollarning roli kabi narsalar haqidagi haddan tashqari konservativ ritorika yosh ayollarni undan uzoqlashtirmoqda va ularni ateist, agnostik va "hech kim" yoki "hech narsa"ga ishonmaydigan odamlarga aylantirmoqda." - deydi Abrams.

"Bundan oldinroq kattaroq muammo bor edi, ya'ni shunchaki keng tarqalgan sekulyarizatsiya va diniy tashkilotlardan yuz o'girish. Keyin esa ekstremal o'ng fenomeni odamlarni dindan yanada bezdirdi", - deya qo'shimcha qiladi u.

“Pyu” tadqiqoti so'rovi shuni ko'rsatadiki, amerikalik kattalarning 28 foizi dinga kelganda o'zlarini ateist, agnostik yoki "hech narsa" deb ta'riflaydi. Ular orasida ateistlar bor-yo’g’i 4 foizni tashkil qiladi. Ko'pchilik muntazam ravishda diniy marosimlarda qatnashmasa-da, Xudoga yoki qandaydir oliy kuchga ishonadi.

So'ralganlarning uchdan ikki qismi diniy ta'limotlarning katta qismini shubha ostiga qo'ygani yoki Xudoga ishonmasligi sababli dindor emasligini aytadi.

“Gallup” ma'lumotlariga ko'ra, diniy marosimlarga tashrif buyuruvchilarning kamayishi barcha yosh guruhlarida sodir bo'lmoqda.

"Biz keksa avlodlar orasida diniy faollik ancha yuqori, yosh avlodlar orasida esa ancha past ekanligini ko'rmoqdamiz, lekin baribir barcha yosh guruhlari orasida pasayish kuzatilmoqda", - deydi “Gallup” muharrir Jeff Jouns. - Keksa odamlar cherkovga borishlari ehtimoli ko'proq bo'lsa-da, bugungi kunda keksa odamlar o'tmishdagiga qaraganda kamroq cherkovga bormoqda".

Kempbellning so'zlariga ko'ra, diniy mansublikning o'sishi 1989-yilda tugagan Sovuq urushdan keyin boshlangan. Dallas Baptist universitetining bolalar va oila masalalari professori Shelli Melianing aytishicha, ko'plab diniy muassasalarni ma'lum muddat davomida xizmatlarni to'xtatishga majbur qilgan “COVID-19” pandemiyasi diniy bo'lmagan tendensiyani tezlashtirgan bo'lishi mumkin.

Melianing fikricha, yoshlar ota-onalaridan farqli narsalarni izlamoqda. Keksa odamlar cherkov binolari va rasmiy diniy tadbirlarga jalb qilinishi mumkin, lekin yoshlar boshqacha yondashuvni talab qiladi, deydi u.

Mamlakat dinini yo'qotsa nima bo'ladi? Kempbell boshqa davlatlardan misol keltiradi.

“Skandinaviya davlatlari juda dunyoviy va ular odatda dunyodagi barcha demokratik davlatlar ichida eng demokratik hisoblanadi. Bular, shuningdek, baxt darajasi yuqori bo'lgan mamlakatlardir, - deydi Kempbell. - Demak, dunyoviy jamiyat kamroq demokratik jamiyat yoki kamroq baxtli jamiyat bo'ladi, degani emas", - deydi u.

Ammo AQSh milliy ramzlari va urf-odatlariga diniy ramzlar chuqur singib ketgan. Masalan, "Biz Xudoga ishonamiz" iborasi pul birligida chop etilgan. Kongressning yangi yig’inlari, odatda, ibodat bilan boshlanadi.

"Xudo, menga yordam ber" yozuvi prezident qasamyodining bir qismidir. Shunday ekan, Amerika tom ma’noda dunyoviy davlat bo'lish ehtimoli qanchalik katta?

"O'rta va uzoq muddatda biz yangi muvozanatga erishamiz deb o'ylayman, bunda din Amerika hayotidan butunlay yo'q bo'lib ketmaydi, lekin u hozirgidan ko’ra boshqa mavqeni egallaydi", - deydi Kempbell

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG