Breaking News

AQSh Isroilni Rafahga qo’shin kiritmaslikka undamoqda


G'azoning Rafah shahri
G'azoning Rafah shahri

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken shu hafta Isroilda bo’lganida Bosh vazir Benyamin Netanyaxuni Rafahga qo’shin kiritish rejasidan voz kechishga ko’ndirishga urindi.

Xalqaro hayot - 3-may, 2024-yil - Bayden talaba namoyishlarini izohladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:13 0:00

"Rafahda tinch aholi xavfsizligini ta’minlovchi samarali reja bo’lmasa, u yerda yirik harbiy amaliyot o’tkazilishiga qarshimiz. Va biz bunday rejani ko’rganimiz yo’q. Shu bilan birga, nazarimizda, XAMAS bilan davom etayotgan muammoni Rafahda yirik harbiy amaliyot o’tkazmasdan hal qilishga imkon beruvchi yaxshiroq yo’llar bor”, - dedi u.

Netanyaxu XAMASning Rafahdagi to’rtta batalyonini yo’q qilish va harakatning G’azodagi rahbari Yahyo Sinvarni topish uchun shaharga armiyani kiritish kerakligini ta’kidlab keladi.

“Bayden Isroil Misr bilan chegarada joylashgan va XAMASning so’nggi boshpanasi bo’lgan Rafah shahriga kirishi mumkin emas demoqda. Ammo bu XAMASni garovdagilarni ozod etishga ko’ndirishning yagona yo’li”, - deydi Isroildagi Bar-Ilan universitetidan Eytan Gilboa.

Isroil va XAMAS otashkesimga kelishsa, Isroil va Saudiya Arabistoni o’rtasida diplomatik aloqa o’rnatilishi mumkinligi aytilmoqda. Blinken mintaqaga safari chog’ida bu ikki davlat rahbarlari bilan shu haqda ham gaplashgan.

“Isroil va Saudiya Arabistoni aloqalari yaxshilansa, Yaqin Sharq katta o’zgarishlarga yuz tutishi mumkin. Bu Amerikaning mintaqa barqarorligiga intilayotgan ittifoqchilarini kuchaytiradi, Amerika va bu mamlakatlar dushman deb bilgan Eron va uning ittifoqchilarini zaiflashtiradi”, - deydi Bar-Ilan universitetining yana bir mutaxassisi Jonatan Rayngold.

Riyod Isroil bilan diplomatik aloqa o’rnatsa, Qo’shma Shtatlar qirollik bilan mudofaa bitimi imzolashni va’da qilmoqda. Shunda, deydi ba’zilar, G’azoda sulhga kelishishga hojat ham qolmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Isroil Rafahga qo’shin kiritsa, jiddiy gumanitar ofat yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

“Hujum boshlansa, Rafahda jon saqlayotgan yuz minglab odam o’limga mahkum bo’ladi, tinch aholi qiriladi, sektor bo’ylab barcha gumanitar ishlarga katta zarba bo’ladi. Chunki gumanitar yukning katta qismi hozir Rafah orqali o’rmoqda”, - deydi BMTning Gumanitar ishlar bo’yicha muvofiqlashtiruvchisining matbuot kotibi Yens Larke.

BMT, shuningdek, Isroil hujumlarida G’azodagi uy va imoratlarning 72 foizi vayron bo’lganini, sektorni tiklashga 15 yilcha vaqt ketishini bildirdi.

Turkiya Isroil bilan savdoni to'xtatdi

Bu o’rtada Turkiya hukumati G’azoda sulh bo’lmaguncha va sektorga gumanitar yordam to’siqsiz kira boshlamaguncha Isroil bilan 7 milliard dollarga teng savdo tiklanmasligini ma’lum qildi.

Turkiya Savdo vaziri Umar Bo’lat G’azoda ahvol yomonlashayotganini, Isroil murosa qilishni istamayotganini aytadi.

Turkiya Isroil bilan savdoni to’xtatgan ilk yirik mamlakat bo’ldi.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Kats Anqara qarorini tanqid qilarkan, Prezident Rajab Toyib Erdog’anni xalqaro savdo shartnomalarini buzuvchi diktator deb atadi.

Erdog’an juma namozidan so’ng Isroil bilan savdo to’xtatilganini izohladi:

“G’arb butunlay Isroil foydasiga harakat qilyapti. Amerikadan boshlab. Ular berayotgan pullar Falastinning g’arib, kambag’al va nochor xalqini Isroil bombalari qarshisida o’limga mahkum etmoqda. Jim qarab tura olmadik va chora ko’rishga majbur bo’ldik”, - dedi u.

Turkiyaning Isroilga eksporti 5,4 milliard, Isroildan importi 1,6 milliard dollarga teng ekani aytiladi.

Isroil Turkiyadan po’lat, avtomobillar, plastmassa, elektron jihozlar, texnika sotib oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG